Dolzarb uchrashuv: Bir-biridan quvvat olib Quvaytda
17.02.2025
Dolzarb uchrashuv: Bir-biridan quvvat olib Quvaytda
Oʻzaro
manfaatdorlik zamiriga qurilgan hamkorlikning umri uzoq boʻladi. Oʻzbekiston va
Quvayt oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar 1992 yilda oʻrnatilgan boʻlib, ikki
davlat oʻrtasidagi hamkorlik turli sohalarda faol rivojlanib kelayotgani rost.
Ana
shu hamkorlikning yana bir qutlugʻ qadami bugun Prezidentimizning Quvayt davlat amiri Shayx Mishʼal
as-Saboh taklifiga binoan qilgan tashrifi boʻldi.
Ikkala
davlat yetakchilarining samimiy muloqoti hamkorlikning manfaatli boʻlishiga
zamin hozirladi.
Suhbat
jarayonida Oʻzbekiston bilan Quvayt oʻrtasidagi doʻstlik va koʻp qirrali
sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari
koʻrib chiqildi.
Prezidentimiz
Quvaytda muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan, maqsad va vazifalari Yangi
Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining uzoq muddatli ustuvor yoʻnalishlariga
hamohang boʻlgan “Nigoh 2035” davlat dasturini alohida qayd etdi.
Oʻzaro
hamkorlik bir necha yillardan beri davom etib kelayotgani ahamiyatlidir. Keling,
yaxshisi yaqin o‘tmishga bir nazar tashlaylik.
Ayniqsa, iqtisodiy va investitsiyaviy jabhadagi
hamkorlik eʼtiborga molik. Quvayt
investitsiya jamgʻarmalari va kompaniyalari Oʻzbekistondagi turli sohalarga
sarmoya kiritishga qiziqish bildirmoqda. Quvayt fondlari, ayniqsa,
infratuzilma, energetika va qurilish sohalarida qator loyihalarni amalga
oshirmoqda.
Xuddi
shuningdek, savdo va iqtisodiy aloqalar ham ikki davlat oʻrtasida
savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish maqsadida qator qoʻshma loyihalar va
tadbirlar tashkil etilmoqda. Savdo aylanmasini oshirish va Quvayt bozoriga
oʻzbek mahsulotlarini eksport qilish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Oʻzbekiston Quvayt-Arab iqtisodiy taraqqiyot jamgʻarmasi bilan samarali hamkorlik
qilib kelmoqda. Ushbu jamgʻarma Oʻzbekistonda infratuzilmaviy loyihalarni
moliyalashtirishga hissa qoʻshmoqda. Taʼlim va ilmiy almashinuvlar ham
koʻngildagidek boʻlayotgani sir emas. Oʻzbekiston va Quvayt universitetlari
oʻrtasida hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, talabalar va
tadqiqotchilar uchun oʻzaro almashinuv dasturlari tashkil etilmoqda.
Xuddi
shunday fikrlarni madaniy jabhada ham kuzatish mumkin. Ikki davlat oʻrtasida
madaniy tadbirlar, festivallar va koʻrgazmalar oʻtkazilib, xalqlar oʻrtasidagi
doʻstlik va hamkorlik mustahkamlanmoqda.
Yana
shunisi diqqatga sazovorlik, Quvayt
kompaniyalari Oʻzbekistonda energetika sohasida, jumladan, qayta tiklanuvchi
energiya manbalariga sarmoya kiritish masalalarini oʻrganmoqda. Quvayt
moliyaviy institutlari Oʻzbekistonda yirik infratuzilma va yoʻl-qurilish
loyihalarini moliyalashtirishda ishtirok etmoqda.
Diplomatik va siyosiy munosabatlardagi
xususan, ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasidagi faol muloqot yoʻlga
qoʻyilganligi quvonarlidir. 2024 yil 21
noyabrda Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Quvayt moliya vaziri
va iqtisodiy masalalar hamda investitsiyalar boʻyicha davlat vaziri Nura
Sulaymon Al-Fassam bilan uchrashib, iqtisodiy hamkorlik masalalarini muhokama
qilingani ham yodimizda.
Bu
galgi uchrashuvda “Yashil” energetika, sanoat kooperatsiyasi, qishloq
xoʻjaligi, transport va logistika, infratuzilma, shaharsozlik, sogʻliqni
saqlash, turizm sohalari amaliy hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari sifatida
belgilandi.
Prezidentimiz
qoʻshma loyihalarni ilgari surish maqsadida Investitsiya platformasi va
Ishbilarmonlar kengashi kabi mexanizmlarni yoʻlga qoʻyishni ilgari surdi. Natijada, Al-Quvayt shahrida savdo uyini ochish
boʻyicha kelishuvga erishildi.
Yangi
sheriklik dasturi doirasida Quvayt arab iqtisodiy taraqqiyot fondi bilan
loyihalar portfelini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Bundan tashqari,
Oʻzbekiston va Kuvaytda madaniyat va turizm haftaliklarini oʻtkazish, ikki
mamlakat vakillarining sanʼat, musiqa, kino, taʼlim va sport sohalaridagi
madaniy-gumanitar tadbirlarda faol ishtirok etishiga koʻmaklashishga kelishib
olindi. Uchrashuvda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik
tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Qoʻshilmaslik harakati va boshqa
nufuzli tuzilmalar doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish
muhimligi qayd etildi.
Uchrashuvning
yana bir ahamiyatli jihati shundaki, joriy yil may oyida Samarqand shahrida
oʻtkaziladigan “Markaziy Osiyo - Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi”
muloqoti sammitiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha qoʻshma
chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Muzokaralar
yakunida Oʻzbekiston Prezidenti Quvayt Amirini mamlakatimizga tashrif bilan
kelishga taklif etdi.
Oʻzbekiston
va Quvayt oʻrtasidagi hamkorlik siyosiy, iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy
sohalarda yanada faol rivojlanishi, ikki davlat oʻrtasidagi aloqalar yanada
mustahkamlanishi va buning amaliy natijalarini yaqin orada koʻrishimiz aniq.
Rahimboy
JUMANIYOZOV,
“TIQXMMI”
MTU professori,
Oʼzbekiston
Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalarining aʼzosi