Odob nafs kamoloti
12.09.2023
Joriy yilning 8 sentabr kuni “TIQXMMI” MTU 3-TTJ Iqtisod fakulteti 1-kurs talaba qizlari bilan universitet psixologi M.K.Muhammedova va 3-TTJ tarbiyachi pedagogi Z.Muhrumboyevalar ishtirokida “Talaba qizlarning yotoqxonaga adaptatsiya qilish jarayoni”, “Sog‘lom turmush tarzini olib borish”, momolarimizdan meros bo‘lgan “Ibo – hayo, axloq, odob” mavzularida davra suhbati o‘tkazildi. Tadbir boshida universitet psixologi M.K.Muhammedova talaba qizlar bilan tanishuv treningi o‘tkazdi. Treningda barcha ishtirokchilar faol qatnashishib kayfiyatlarini ijobiy notaga sozlab olishgach, universitet psixologi o‘z nutqini boshladi: “Qiz bola oilaning ziynatidir. Qizi bor uy fayz taratib turadi. Qiz bolaning muomalasi uning husni. Qizning hayosi go‘zalligidir. Qizning hayosi bilan andishasi bo‘lsa, yasanishning hojati yo‘q. Hayosi bor qiz oddiy kiyim bilan ham chiroyli ko‘rinadi. Tarbiya topish, odobli bo‘lish o‘g‘il bolalarga qanchalik lozim bo‘lsa, qiz bola uchun undan ham ko‘proq lozimdir”, deya barcha yuqoridagi mavzularni bir – biriga uzviy bog‘lab, har bir vaziyatga hadis, o‘zbek xalq maqollari va hayotiy voqealardan misollar keltirib, talaba qizlarni barchalari universitet va TTJda joriy etilgan ichki tartib qonunlar hamda gigiyenik qoidalarga amal qilishlari lozimligi haqida tushuncha berib o‘tdi.

3-TTJ tarbiyachi pedagogi Z.Muhrumboyeva har bir qiz o‘z yashayotgan xonasini toza – ozoda tutishi zarurligi haqida mavzuni davom ettirdi. Tadbirda “Sog‘lom turmush tarzi” degani nima?, unga qanday amal qilish lozimligi to‘g‘risida savol qo‘yilib, muhokama qilindi va mavzuni mustahkamlash maqsadida so‘z yuritilgan barcha fikrlar yuzasidan savol javoblar qilindi. Barcha qizlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga qoniqarli javoblar olishdi va o‘z oldilariga eng oqila, eng aʼlochi hamda universitetda yaxshi tomondan nom qozonish fikrini o‘z oldilariga maqsad qilishgan holda tadbir nihoyasiga yetdi.

Universitet psixologi M.K. Muhammedova axboroti
“TIQXMMI” MTU matbuot xizmati